
- “Mard o'g'lon” mukofotini topshirish marosimidan bir kun keyin yurtimizga etib keldingiz. Oldinroq kelishni imkoni bo'lmadimi? Har holda yurtboshimizni qo'lidan mukofotni qabul qilib olish boshqacha bo'lardi.
- To'g'risi, Przidentimiz qo'lidan shaxsan qabul qilib olish men uchun sharaf edi. Biroq, bor imkoniyatimizni ishga solib, harakat qildik, oldinroq kelishni imkoni bo'lmadi. Nasib qilsa, yanada kattaroq natijalar ko'rsatib, yurtimiz shanini munosib himoya qilgan holda, yurtboshimiz qo'llaridan yana mukofotlar olishga harakat qilaman.
- Endi jangga qaytsak, raqibingiz Zachari Spiller haqida qanchalik malumotga ega edingiz?
- Uni ancha yillardan beri yaxshi bilaman. Filip Xrgovich va Jo Joysga birga sparring partnyor bo'lganmiz. To'g'ri, u bilan sparring qilmaganman. Lekin imkoniyatini yaxshi bilardim.

- SHaxsan Dana Uayt o'zining instagram tarmog'iga sizning mashg'ulot jarayoningizni qo'ydi. U bilan uchrashdingizmi?
- To'g'risi, ko'rishmadim. Uzoqdan mashg'ulotlarimni tomosha qildi, Lekin uning yonida yuradigan sheriklari va "Zuffa Boxing" mutasaddilari bilan suhbatlashdim.
- Suhbat qaysi mavzuda bo'ldi? Demoqchimanki, ular jangingiz borasida va rejalar haqida fikr bildirishgandir?
- Ha, albatta. G'alaba qozonishimni kutishgan ekan-u, bunday muddatidan avval zafar quchishimni emas. Yaxshi fikrlar bildirishdi. "Zuffa Boxing" promoushenidagi og'ir vazn toifasidagilar ichida eng yoshi ekanligimni va chempionlik uchun imkoniyatimni yuqori baholashdi.
- Sizdan tashqari yana og'ir vazn toifasida kimlar bor?
- Eng mashhurlari Ivan Dichko va Endi Kruzni bilaman. Balki men bilmaganlarim ham bordir. Katta ehtimol bilan chempionlik yo'lidagi asosiy raqiblar shular bo'ladi.
- Raqibingizni yaxshi bilar ekansiz. Jangdan so'ng, u sizga nimalar deya oldi?
- Mag'lubiyatni to'g'ri qabul qildi va “Sen ancha kuchayibsan”,- deya omad tiladi.
- "Zuffa Boxing" turnirida sizni hayron qoldirgan jihatlar bo'ldimi?
- To'g'risi, tashkilotchilik juda yuqori bo'ldi. Jangdan 1-2 oy oldin ularning nazoratida bo'lar ekansiz. Maxsus ovqatlar, kerakli barcha narsalar bilan o'zlari taminlar ekan.
- Amerika Qo'shma SHtatlarida qaysi klubda mashg'ulotlar olib bordingiz?
- "Brickhouse Boxing" klubida murabbiy Julian CHua qo'l ostida hozirlik ko'rdim.
- Klubdagi eng mashhur bokschi kim ekan?
- Zurdo Ramires.
- Julian CHua sizning qaysi jihatingizni o'zgartira oldi?
- Masofadan ishlashni to'g'ri yo'lga qo'ya oldi. Bizga Dmitriy Bivol, Aleksandr Usik va Zurdo Ramiresning muvaffaqiyatlaridagi asosiy sabab, oldinga va orqaga yurishdagi masofani to'g'ri saqlashda ekanligini tushintira oldi. CHuaning uslubi bizning boksimizga to'g'ri tushar ekan. Ha, aka-uka Diaslar kuchli murabbiylar. Lekin ular odatda sof Lotin Amerika boks uslubiga moslashtira oladi. CHuada esa uyg'unlik bor. SHuning uchun men tezroq uning uslubiga moslasha oldim.
- Aytaylik, keyingi jangingizda Ivan Dichko va Endi Kruz raqib sifatida taklif etilsa, qay birini tanlardingiz?
- To'g'risi, ular bilan keyingi janglardayoq to'qnash kelmasam kerak. Lekin shunday bo'lsa, Ivan Dichkoni tanlardim. U bilan qiziqarliroq bo'lardi.
- Oldinda Osiyo o'yinlari bor va bunda ishtirok etish imkoniyatingiz bo'lsa, qolgan muddat davomida havaskor boksga qanchalik moslasha olasiz, qiyinchilik bo'lmaydimi?
- To'g'ri, havaskor va professional boks mutlaqo bir-biridan farq qiladi. Moslashish jarayonlarida qiyinchilik tug'ilishi mumkin. Lekin men unga qadar tayyor va mukammal holatga tusha olaman.
- Havaskor boksdagi oldinda turgan nufuzli musobaqalardagi ehtimoliy va asosiy raqiblaringizni ham kuzatib boryapsizmi?
- Albatta, Aybek Oralbay, David CHaloyan, Damar Tomas, braziliyalik Joel Ramoslar asosiy raqib bo'ladi va ularni kuzatib boryapman.
- Ko'rinib turibdi, ajoyib jismoniy holatga egasiz. Nazarimda, ortiqcha vaznlardan xalos bo'lgansiz?
- Ha, anchagina vazn tashladim. Menga Amerikada mashg'ulotlar jarayonimda "Zuffa Boxing" tomonidan maxsus dietolog biriktirildi. U Islam Maxachevning dietologi ekan. To'g'ri ovqatlanishni yo'lga qo'ydi va uning ko'rsatmalari bilan shu holatga keldim.
- Yuqorida Xrgovich va Jo Joys bilan sparring qilganman, deb aytib o'tdingiz. Sparring qanday kechgandi?
- Xrgovich bilan birinchi sparringimizda meni mensishmagan. Uchta sparring sherik beradi va meni uchinchi qilib qo'ygan. Eng kuchsizlarni uchinchiga qo'yishadi. Birinchisi unchalik yaxshi bo'lmagan. U charchab qolgan va yaxshi jang bo'lmagandi. Ikkinchisida esa jigariga urib yiqitgandim. SHundan keyin menga qiziqib qolishgan. Bugun ham gaplashdim. Itauma bilan jangiga tayyorgarlik ko'rishda yordamga chaqirdi. Jo Joysni ham orqa qo'lda yiqitganman. SHundan keyin bazi kelishmovchiliklar bo'lgandi va u bilan sparringa bormay qo'yganman. Bu bilan maqtanmoqchi emasman. Sparringda shunday holatlar bo'lib turadi.
- Yana qaysi mashhurlar bilan sparring qilgansiz?
- Agit Kabayel bilan.
- Xrgovich, Joys va Kabayel. Qay biri kuchliroq ekan?
- Xrgovich. Unda zarba ham zo'r, temp ham yuqori.
- Xrgovichni Itauma bilan jangida imkoniyatini qanday baholaysiz?
- Itaumani yaxshi bilmayman. Lekin u 3 raundgacha Xrgovichni yiqitmasa, o'zi yiqiladi", deydi Zokirov.