
«Barselona»ning sobiq a’zosi, xorvatiyalik Alen Xalilovich klublarni almashtirishda davom etmoqda. Uning navbatdagi sarguzashti o‘ziga allaqachon tanish bo‘lgan Italiya chempionatida kechishi mumkin — ilgari Alen «Milan» libosini ham kiyishga ulgurgan edi.
Ammo bu safar gap mamlakatning ikkinchi divizioni — B Seriya haqida bormoqda. Futbolchiga «Milan»ning yana bir sobiq a’zosi Alessandro Nesta murabbiylik qilayotgan «Avellino» klubi qiziqish bildirdi. U allaqachon «Napoli»ning sobiq futbolchisi Adam Unasni o‘z safiga qo‘shib olgan edi, endi esa e’tiborini Xalilovichga qaratdi, deb xabar bermoqda pianetamilan.it.
Oxirgi vaqtlarda Xalilovich Niderlandiya chempionatida Sittardning «Fortuna» klubi sharafini himoya qilayotgan edi, ammo u yerdan ham unga «xushmuomalalik bilan javob berib yuborishdi».