
Braziliyaning Spaten Fight Night promousheni navbatdagi turniri uchun yana bir katta jangni elon qildi. Tashkilotning uchinchi turniri 29 avgust kuni San-Pauluda bo'lib o'tadi va kechaning markaziy bahsida UFC’ning sobiq yarim og'ir vazn chempionlari Glover Teysheyra hamda Maurisio «SHogun» Rua ringga ko'tariladi.
Malum qilinishicha, ikki braziliyalik afsona o'rtasidagi bahs boks qoidalari asosida o'tkaziladi. Jang har biri ikki daqiqadan iborat sakkiz raundga mo'ljallangan.
Spaten Fight Night avval ham aralash yakkakurash olamidagi mashhur nomlarni birlashtirgan edi. Debyut turnirida CHeyl Sonnen va Anderson Silva o'zaro bahslashgan bo'lsa, ikkinchi shouda Vanderley Silva hamda sobiq jahon chempioni Aselino Freytas to'qnash kelgan.

Birinchi turnir jangchilarning o'zaro ehtiyotkorligi va haddan tashqari hurmat bilan harakat qilgani uchun muxlislar tomonidan tanqid qilingandi. Ikkinchi shou esa jangdan keyin chiqqan ommaviy mushtlashuv sabab katta shov-shuvga sabab bo'lgan.
Tashkilot bu safar ham bir-biriga katta hurmat bilan qaraydigan ikki sobiq chempionni tanladi. 46 yoshli Teysheyra va 44 yoshli «SHogun»ning qarama-qarshiligi muxlislarda katta qiziqish uyg'otmoqda.
Eslatib o'tamiz, har ikki jangchi oktagondagi so'nggi ishtirokini 2023 yil yanvar oyida UFC 283 turnirida o'tkazgan. O'shanda Glover Teysheyra chempionlik jangida Jamal Hillga hakamlarning yakdil qarori bilan mag'lub bo'lgan bo'lsa, Maurisio Rua birinchi raundda Igor Poteryaga texnik nokaut bilan yutqazgan edi.
Makgregor Xollouey bilan jang oldidan chiptalar sotuvi bo'yicha mutlaq rekordni yangilab qo'ydi