
Murabbiy yordamchisi Aaron Danksning so'zlariga ko'ra, "Bavariya" rahbariyati yaqinda shifoxonaga yotqizilgan Kompaniga sog'ayib ketguniga qadar futbol haqida gaplashishni qatiyan taqiqlagan.
Sport direktori Kristof Froynd va boshqaruv azosi Maks Eberl murabbiylar shtabiga belgiyalik mutaxassisni taktik muhokamalar, o'yinlarga tayyorgarlik yoki boshqa jamoaviy ishlarga jalb etmaslik bo'yicha ko'rsatma berdi.
Danks klub Kompanining bor etiborini faqat sog'lig'ini tiklashga qaratishini va oilasi bilan vaqt o'tkazishini istashini takidladi. Belgiyalik murabbiy kamida 9 noyabrdan 17 noyabrgacha davom etadigan xalqaro tanaffus yakunigacha murabbiylik o'rindig'idan tashqarida qolishi kutilmoqda. Biroq "Bavariya" uning qaytish sanasini rasman tasdiqlagani yo'q.
Eslatib o'tamiz, 40 yoshli murabbiy 23 oktyabr kuni "Bavariya"ning o'rinbosarlar jamoasi mashg'uloti paytida hushini yo'qotgan va zudlik bilan kasalxonaga yotqizilgan edi. Keyingi tibbiy ko'rik uning miya pardasi yallig'langanini aniqladi. Kompani 28 oktyabr kuni shifoxonadan chiqarildi va hozirda uyida davolanmoqda — unga dori-darmonlar va to'liq xotirjamlik belgilangan.
Takidlash joizki, Danks Germaniya Kubogi doirasida "Magdeburg" ustidan qozonilgan 6:1 hisobidagi g'alabada hamda Bundesligada Dortmundning "Borussiya"siga qarshi kechgan 2:2 hisobidagi durangda "Bavariya"ni maydon chetida boshqarib ulgurdi. Myunxen klubi uchun navbatdagi jiddiy sinov 3 noyabr kuni bo'lib o'tadi — ular CHempionlar ligasida "Atletiko Madrid" bilan to'qnash keladi.