
«Yuventus» hujumchisi Nik Voltemade Yevropa ligasida «Selta»ga qarshi safarda 2:1 hisobida qozonilgan g‘alaba uning Turin klubi safidagi eng yaxshi o‘yini bo‘lganini aytdi. Hujumchi Markos Alonso xatosidan foydalanib, hisobni tenglashtirdi, Randal Kolo Muani esa qo‘shib berilgan daqiqalarda g‘alaba golini urdi.
«Menimcha, bu «Yuventus»dagi eng yaxshi o‘yinim bo‘ldi. Albatta, bundan ham yaxshiroq o‘ynay olaman, ammo urgan golimdan mamnunman. Gol har doim o‘ziga bo‘lgan ishonchni oshiradi. Bu hujumchi uchun muhim va men yanada kuchli bo‘lishni xohlayman», — dedi futbolchi.
Germaniyalik hujumchi Kolo Muani bilan juftlikda o‘ynash o‘ziga qulay ekanini ham ta’kidladi.
«Albatta, Kolo bilan birga o‘ynash menga yoqadi. Maydonda faqat bitta markaziy hujumchi bo‘lsa, himoyachilarga osonroq bo‘ladi — ular faqat bitta futbolchini nazorat qilishadi. Ikkalamiz maydonda bo‘lsak, hududlarni o‘zaro taqsimlashimiz mumkin», — dedi Voltemade.
Shu bilan birga, futbolchi uni zaxiradan maydonga tushirayotgan bosh murabbiy Luchano Spallettiga bosim o‘tkazmadi.
«Men murabbiy emasman. Unga ishonaman va uning har qanday qarori to‘g‘ri bo‘ladi, deb hisoblayman», — deya qo‘shimcha qildi Voltemade.