SportUz.Tv

Superliga darvozabonlari mavsumni qanday o‘tkazmoqda?

28.10.2026 18:36    


Rasmni yuklab olish

Darvozabon — jamoaning yarmi. Superliga klublarining muvaffaqiyatlari yoki ayrim hollardagi omadsizliklari bevosita darvozabonlarga bog‘liq ekani tushunarli.

Joriy mavsum Superligada 35 nafar darvozabon xizmatidan foydalanildi. Ularning 15 nafari 10 tadan ortiq uchrashuvda ishtirok etmagan. Darvozabonlar ko‘rsatkichlarini tahlil qilishda biz mavsumning kamida yarmidan ko‘proq o‘yinida imkoniyat berilgan 15 nafar posbonni tanlab oldik.

HUDL Superliga darvozabonlarining harakatlarini 14 xil ko‘rsatkich bo‘yicha baholaydi. Ular orasida uchta mezon muhim ahamiyat kasb etadi:

- Darvozabonlarning uchrashuv uchun olgan bahosi;
- Darvozaga aniq yo‘llangan zarbalarning necha foizini qaytargani;
- Paslar aniqligi.

Har uch ko‘rsatkich bo‘yicha eng yaxshi darvozabonlarning to‘rtligini shakllantirsak, «Neftchi» darvozaboni Botirali Ergashev hamda «Surxon» posboni Davron Merganov ular qatorida bo‘ladi.

Har ikki klub ishtirokidagi uchrashuvlarda o‘tkazib yuborilgan ayrim gollarda darvozabonlarning ham aybi bo‘lishi mumkin. Biroq uchrashuv uchun umumiy baho, seyvlar ko‘rsatkichi va aniq paslar orqali hujumlarni boshlash borasida Ergashev hamda Merganov har uch statistika bo‘yicha yetakchilar qatorida turibdi.

O‘yin uchun baho

14 tadan ko‘proq uchrashuvda darvozani qo‘riqlagan posbonlar orasida Davron Merganov hamda Abduvohid Ne’matov yetakchilik qilmoqda.

Biroq bu o‘rinda «Xorazm» posboni Umidjon Ergashevni ham unutmaslik kerak. Aslida, u kuchli uchlikdan joy olishi lozim edi. Shunchaki, Umidjon 16-turdan keyingina o‘yin amaliyotiga ega bo‘la boshladi. «OKMK» klubi yozgi transfer oynasida darvozabonni «Xorazm»ga ijaraga bergandi.

Seyvlar

Bu yo‘nalishda «Qizilqum» posboni Farhod Rahmatov 88 ta seyv bilan yetakchi. Abduvohid Ne’matovning ko‘rsatkichi 83 tani, Edem Nemanovniki esa 70 tani tashkil qiladi.

Biroq mazkur masalada biz darvozaga aniq yo‘llangan zarbalarda amalga oshirilgan seyvlar foizini asosiy mezon sifatida oldik.

Bu borada ham «Nasaf» va «Surxon» darvozabonlari Superligada yetakchilik qilmoqda. Sanjar Quvvatov esa kuchli uchlikni yakunlagan.

Paslar aniqligi

Zamonaviy futbolda oyoqda ham yaxshi harakatlana oladigan darvozabonlar qadrlanadi. Ayrim hollarda ularning so‘nggi himoyachi vazifasini bajarayotgani ham bejiz emas.

«Andijon»da to‘p surayotgan Eldor Ahdamov ushbu yo‘nalishda nisbatan yaxshiroq ko‘rsatkichga ega. «Lokomotiv» darvozaboni Kozlov ham statistika bo‘yicha yaxshi taassurot qoldirmoqda.

Mavsumning teng yarmiga yaqin uchrashuvlarda turli sabablarga ko‘ra ishtirok eta olmayotgan bo‘lsa-da, yana to‘rt nafar posbon ayrim mezonlar bo‘yicha jamoadoshlariga yordam bermoqda.

Yuqorida ta’kidlanganidek, Umidjon Ergashev o‘z seyvlari bilan hayratlantirayotgan bo‘lsa, Otabek Bo‘ymurodov aniq paslar ko‘rsatkichi bo‘yicha eng yaxshilardan biri bo‘lib turibdi.

Umumiy o‘yin manzarasiga nazar tashlansa, «Buxoro» darvozaboni Umidjon Hamroyev va «Qizilqum» posboni Farhod Rahmatovda ham salohiyat borligini payqash mumkin.

Ishonamizki, yaxshiroq tayyorgarlik, tinimsiz mehnat, munosib sharoit va, albatta, malakali darvozabonlar murabbiylarining yordami bilan ushbu materialda nomlari tilga olingan posbonlar yanada o‘sishga erishishlari mumkin.



Futbol yangiliklari || Futbol habarlari || Футбол янгиликлари || Футбол хабарлари
Дўстларга юборинг: