
Madridning «Atletiko» klubi bosh murabbiyi Diyego Simeone La Ligada murabbiy sifatida qayd etilgan g‘alabalar soni bo‘yicha rekordni takrorladi. Bu haqda Opta xabar bermoqda.
Ushbu natija Ispaniya chempionatining 11-turidan o‘rin olgan «Levante»ga qarshi uchrashuvda qayd etildi. Madridliklar safarda 2:0 hisobida g‘alaba qozondi. Bahs Valensiyadagi «Syudad de Valensiya» stadionida bo‘lib o‘tdi.
Bu g‘alaba Simeone uchun La Ligadagi 565-uchrashuvidagi 344-g‘alaba bo‘ldi. Shuningdek, uning hisobida 123 ta durang va 98 ta mag‘lubiyat bor.
Shu tariqa, argentinalik mutaxassis Luis Aragonesning rekordini takrorladi. Aragones ham Ispaniya chempionatida murabbiy sifatida 344 marta g‘alaba qozongan, biroq bu natijaga 756 ta uchrashuvda erishgan.
Ispaniya chempionatidagi 11 ta o‘yindan so‘ng «Atletiko» 28 ochko bilan turnir jadvalida peshqadamlik qilmoqda. «Levante» esa 10 ochko bilan 16-o‘rinda bormoqda.