
O‘zbekiston terma jamoasi himoyachisi Abduqodir Husanov Angliya Premyer-ligasining 9-turidan o‘rin olgan «Brayton»ga qarshi uy uchrashuvida (0:1) «Manchester Siti»ning eng yaxshi baholangan futbolchilari qatoriga kirdi.
Flashscore statistik portali Husanovning o‘yinini 7,6 ballga baholadi. Elliot Anderson ham xuddi shunday baho oldi.
«Shaharliklar» safida eng yaxshi futbolchi Jeremi Doku bo‘ldi — 8,1 ball. Eng past baho esa Ayub Buaddiga tegishli — 5,8 ball. Hujumchi Erling Holand 6,9 ball bilan baholandi.
Husanov «Manchester Siti»ning asosiy tarkibida maydonga tushdi va uchrashuvni to‘liq, 90 daqiqa o‘tkazdi. Bahsdagi yagona golni 11-daqiqada Yasin Ayari kiritdi.
«Shaharliklar» 21 ochko bilan APL turnir jadvalida peshqadamlikni saqlab qolmoqda.
Jamoa keyingi uchrashuvini Chempionlar ligasi doirasida safarda «RB Leypsig»ga qarshi o‘tkazadi. Bahs 5 noyabr kuni Toshkent vaqti bilan 01:00 da boshlanadi.