
Dunyoning ikkinchi raketkasi, to‘rt karra “Katta dubulg‘a” turnirlari g‘olibi Yannik Sinner professional faoliyatidagi navbatdagi tarixiy natijani qayd etdi. 7 aprel kuni italiyalik tennischi 2026-yilgi mavsum boshlanganidan buyon Masters seriyasiga kiruvchi turnirlarda o‘zining ketma-ket 13-g‘alabasini tantana qildi.
Sinner o‘zining 13-g‘alabasini Monte-Karlo (Monako) shahrida o‘tayotgan grunt qoplamali turnirning ikkinchi davrasida qo‘lga kiritdi. Dunyo reytingida 34-o‘rinni egallab turgan fransiyalik Ugo Umberga qarshi kechgan bahsda Yannik raqibiga hech qanday imkoniyat qoldirmadi va 6:3, 6:0 hisobida zafar quchdi.
Opta Ace statistik portaliga ko‘ra, Sinner 2017-yildan beri mavsumni Masters turnirlarini ketma-ket 13 ta g‘alaba bilan boshlagan ilk tennischiga aylandi. So‘nggi bor bunday natijani 2017-yilda afsonaviy Rojer Federer qayd etgan edi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yannik Sinner faoliyati davomida 60 million dollar mukofot puli ishlab topgan tarixdagi 8-tennischiga aylangani haqida xabar berilgan edi. Shuningdek, u mart oyida AQSHning Mayami shahrida o‘tkazilgan Masters turniri finalida chexiyalik Irji Lehechkani mag‘lub etib, mavsumdagi navbatdagi sovriniga ega chiqqan edi.
SHohjahon Ergashevning qozog'istonlik raqibga qarshi yangi jang sanasi rasman malum qilindi (POSTER)