
Irlandiyalik Yen Machado Gerri rossiyalik chempionning navbatdagi raqibi bo'ladi. Machadoning o'zi ham bu malumotni tasdiqlagandek bo'ldi. U ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida qo'ng'iroq qilayotgan telefon tomon yugurib borayotgan videoni elon qildi va unga manoli izoh qoldirdi.
"Tez orada ko'rishamiz!", - deb yozdi Gerri.
Avvalroq sport sharhlovchilari Alvaro Kolmenero va Ariel Xelvani Islam Maxachev va Yen Machado Gerri o'rtasidagi chempionlik jangi 15 avgust kuni Filadelfiyada bo'lib o'tadigan UFC 330 turnirining asosiy voqeasi bo'lishi mumkinligini aytishgandi. Islamning jamoasida esa chempion jangga tayyorgarlikni boshlaganini tasdiqlashgan edi.
Islam Maxachev o'tgan yilning noyabr oyida avstraliyalik Jek Della Maddalenani hakamlarning yakdil qarori bilan mag'lub etib, divizionning yangi chempioniga aylangandi. Yen Machado Gerri esa o'sha oyda divizionning sobiq chempioni Belal Muhammadni ochkolar hisobiga ko'ra mag'lub etdi. Hozirda u UFC yarim o'rta vazn toifasi reytingida ikkinchi o'rinni egallab turibdi.
