SportUz.Tv

Nursulton Ro'ziboev UFC'da navbatdagi sinov oldida: Andrey Pulyaevga qarshi jang nimasi bilan ahamiyatli? (mutolaa uchun)

26.06.2026 16:30    


Rasmni yuklab olish

Ertaga Ozarbayjon poytaxti Baku shahrida bo'lib o'tadigan UFC Fight Night turniri o'zbekistonlik aralash jang sanati ustasi Nursulton Ro'ziboev uchun faoliyatidagi yana bir muhim bosqich bo'lishi mumkin.

Hamyurtimiz mazkur oqshomda rossiyalik Andrey Pulyaev bilan o'rta vazn toifasida jang qiladi.

Bahs oldidan Ro'ziboev favorit sifatida ko'rilayotgan bo'lsa-da, bu qarama-qarshilik oson kechmasligi aniq. Pulyaevning uslubi va so'nggi janglari uni ancha noqulay raqibga aylantirmoqda.

Ro'ziboev uchun yana bir muhim imkoniyat

32 yoshli Nursulton Ro'ziboev bugungi kunda nafaqat O'zbekiston, balki Markaziy Osiyoning eng tajribali MMA jangchilaridan biri hisoblanadi. U professional faoliyati davomida 47 marta oktagonga chiqqan bo'lib, hisobida 36 g'alaba, 9 mag'lubiyat va 2 durang mavjud. G'alabalarining 20 tasini bo'g'ish yoki og'ritish usuli, 13 tasini nokaut bilan qo'lga kiritgani uning har ikki yo'nalishda ham xavfli ekanini ko'rsatadi.

UFC'dagi debyutini 2023 yilda yorqin tarzda o'tkazgan Ro'ziboev keyingi yillarda ham turli darajadagi raqiblarga qarshi jang qildi. U o'tgan yili Erik Makkonikoni texnik nokaut bilan mag'lub etdi, ortidan esa tajribali Dastin SHtolcfus ustidan hakamlar qarori bilan ishonchli g'alabaga erishdi. SHu tariqa yurtdoshimiz ikki g'alabali seriya bilan Baku turniriga etib kelmoqda.

Aslida Ro'ziboev o'tgan yili Brayan Battl bilan jang qilishi kerak edi. Biroq raqibning vazn meyorini bajara olmagani sababli bahs bekor qilingan va Nursulton bir yilga yaqin vaqt rasmiy jang o'tkazmay qolgandi. SHu bois Bakudagi jang uning reytingdagi harakati uchun ham katta ahamiyat kasb etadi.

Andrey Pulyaev kim?

28 yoshli Andrey Pulyaev hozircha UFC'ning mashhur jangchilaridan emas. Biroq uning uslubi ko'plab ekspertlarni qiziqtirib qo'ygani bor gap.

Rossiyalik sportchining professional rekordi — 10 g'alaba va 4 mag'lubiyatdan iborat. Uning bo'yi 193 santimetr, qo'l uzunligi esa taxminan 199 santimetr bo'lib, bu ko'rsatkich hatto Ro'ziboevnikidan ham uzunroq.

Pulyaev UFC'da Kristian Leroy Dankan hamda Ateba Gote kabi kuchli zarba egalariga qarshi jang qilib, har ikkisiga yutqazgan bo'lsa-da, ularni to'liq uch raund ishlashga majbur qilgan. Ayniqsa, Gotega qarshi bahsda u raqibning hujumlarini yaxshi neytrallashtirib, uning imkoniyatlarini jiddiy cheklay olgan. Bu esa Pulyaevning himoyasi va jangni o'qiy bilish qobiliyati yuqori ekanini ko'rsatadi. Nursulton ham jang oldidan aynan shu faktorni alohida takidlab o'tdi.

Uslublar to'qnashuvi

Bu to'qnashuvning eng qiziq jihati — ikki jangchining uslubida.

Ro'ziboev faol hujum qiladigan, raqibni bosim ostida ushlashni yaxshi ko'radigan universal sportchi. U zarba almashishdan ham, parterga tushib, sabmishn qidirishdan ham qochmaydi. Janglarining katta qismi muddatidan avval yakunlangani ham bejiz emas albatta.

Pulyaev esa ancha sovuqqon harakat qiladi. U ko'proq masofani ushlash, raqib xatosidan foydalanish va jangni to'liq "distanciya"ga olib chiqishga harakat qiladi. SHuning uchun ham uni nokaut qilish oson emas.

Qaysi jihatlar hal qiluvchi bo'lishi mumkin?

Mutaxassislar fikricha, Ro'ziboev birinchi raundlardanoq yuqori temp taklif qilsa, ustunlikka erishish imkoniyati ortadi. CHunki Pulyaev jang boshida ehtiyotkor harakat qiladi.

Boshqa tomondan, jang uchinchi raundgacha etib borsa, rossiyalik atletning intizomli taktikasi va masofani yaxshi his qilishi unga imkoniyat yaratishi mumkin.

SHu bilan birga, Ro'ziboevning sabmishn bo'yicha boy tajribasi ham muhim omil hisoblanadi. Agar hamyurtimiz mana shu epizodlarini ko'paytirsa, jang taqdirini muddatidan avval hal qilish imkoniyati ortadi.

Reyting uchun katta qadam

Bu bahs oddiy prelim kard janglaridan biri emas. UFC o'rta vazn toifasida raqobat juda yuqori va har bir g'alaba jangchini reytingga yanada yaqinlashtiradi.

Ro'ziboev uchun ketma-ket uchinchi g'alabani qo'lga kiritish kelgusida reytingdagi raqiblarga qarshi jang qilish imkoniyatini oshiradi.

Qizig'i shundaki, jamoatchilik va ekspertlarning katta qismi aynan Nursulton Ro'ziboev g'alaba qozonishini kutmoqda. Biroq Pulyaevning so'nggi chiqishlari shuni ko'rsatmoqdaki, u favoritlarga jiddiy muammo tug'dira oladigan jangchilar toifasiga kiradi.

Baku oktagonidagi bu qarama-qarshilik nafaqat ikki sportchi, balki O'zbekiston MMA muxlislari uchun ham katta qiziqish uyg'otadi. Agar Ro'ziboev o'zining eng yaxshi jihatlarini namoyon eta olsa, uning UFC'dagi navbatdagi katta imkoniyati eshik qoqishi ehtimoldan xoli emas. Jang Toshkent vaqti bilan ertaga 20:00 dan keyin boshlanishi kutilmoqda.

Hamyurtimizga omad tilaymiz!



Futbol yangiliklari || Futbol habarlari || Футбол янгиликлари || Футбол хабарлари
Do`stlarga yuboring: