
Tashkilotchilar tomonidan UFC Fight Night 285 turnirining bonus sohiblari elon qilindi. Oqshomning markaziy jangi ishtirokchilari Entoni Ernandes va Gregori Rodriges to'liq besh raundlik olovli jang ko'rsatib, "Oqshomning eng yaxshi jangi" uchun 100 000 dollarlik bonusga haqli ravishda ega chiqishdi.
Ushbu qarama-qarshilikda braziliyalik jangchi zafar quchdi. U hakamlarning bir ovozdan qabul qilgan qaroriga ko'ra (49-46 va ikki marta 48-47) g'alaba qozonib, ketma-ket to'rtinchi g'alabasini tantana qildi.
Asosiy jangdan tashqari, karddagi yana ikkita jang hakamlar qaroriga qadar etib bordi. Muddatidan oldin g'alaba qozongan o'n nafar jangchidan faqat ikkitasi "Oqshomning eng yaxshi chiqishi" uchun bonusga loyiq ko'rildi. Ular ikkinchi raundda Meyson Jonsni texnik nokaut evaziga mag'lub etgan Markel Mederos hamda birinchi raundda Jeysla CHavesni nokautga uchratgan Karli Judis bo'ldi.
Muddatidan oldin erishilgan g'alabalar uchun 25 000 dollarlik qo'shimcha bonuslar Rene de Ridder, Entoni Uint, Jamall Emmers, SHamil Gaziev, Kris Padilla, Marsio Barboza, Jekson MakVey va SHanel Daerga nasib etdi.

O'nta finish qayd etilgan UFC Fight Night 285 turnirining bonuslari kimlarga nasib etdi?