
Ukrainalik bokschi kelasi yilning mart oyida ringga qaytishni va amerikalik Deontey Uaylder bilan jang o'tkazishni rejalashtirmoqda. Hozirda reja qilinayotgan ushbu jang AQSHda bo'lib o'tishi kerak. Bu haqda sport sharhlovchisi Mayk Koppinger "Inside The Ring" dasturining navbatdagi sonida Usikning jamoasi direktori Sergey Lapinga tayanib xabar berdi.
Birgina "The Ring" chempionlik kamari sohibi bo'lib qolayotgan Aleksandr Usik bungacha AQSHda uch marta jang qilgan. Oxirgi marta bu 2019 yilning oktyabr oyida sodir bo'lgan, o'shanda Usik CHikagodagi "Wintrust" arenasida CHazz Uizerspunni ettinchi raundda mag'lub etgan edi.
Joriy yilning may oyida 39 yoshli Usik niderlandiyalik Riko Verxoven bilan bo'lgan qarama-qarshilikda mag'lubiyatdan zo'rg'a qutulib qoldi. U Misrdagi Giza ehromlari yonida o'tgan jangning o'n birinchi raundida "Glory"ning sobiq chempionini bahsli tarzda to'xtatdi va shundan so'ng o'ziga tegishli bo'lgan IBF, WBA vaa WBC chempionlik kamarlaridan voz kechishga qaror qildi.
Superog'ir vazn toifasida WBC yo'nalishi bo'yicha sobiq jahon chempioni Deontey Uaylder oxirgi jangini joriy yilning aprel oyida o'tkazib, Londondagi tadbirda britaniyalik Derek CHisorani hakamlarning ayri qarori bilan mag'lub etgan edi.
