
Avvalroq niderlandiyalik sportchining raqibi WBC chempioni Agit Kabayel yoki uning vatandoshi Alistar Overim bo'lishi mumkinligi haqida xabarlar tarqalgan edi, biroq Verxoven 11 dekabr kungi Kardiffdagi Tayson Fyuri - Entoni Joshua oqshomida Deontey Uaylderga qarshi ringga chiqishi bo'yicha rasmiy taklif olganini davo qilmoqda.
"Usikka qarshi jangdan so'ng biz ko'plab turli takliflar oldik va buni ko'rish yoqimli edi. Biz shoshilmadik, barcha takliflar hamda ehtimoliy raqiblarni diqqat bilan o'rganib chiqdik va men boksda qolishga qaror qildim.
Bizga 11 dekabr kungi turnirda qatnashishni taklif qilishdi. Hozircha bu turnirda ishtirok etishimni tasdiqlay olmayman, lekin menga Deontey Uaylderga qarshi jang taklif qilingani va men bunga rozilik berganimni tasdiqlay olaman. Tabiiyki, biz hali detallarni muhokama qilishimiz kerak. Hozir ikkinchi tomondan javob kutyapman. Agar ular ham rozi bo'lishsa, jang bo'lib o'tadi", – deya Verxovenning so'zlarini keltiradi talkSPORT.
Niderlandiyalik sportchi bilan uchrashish imkoniyati Uaylderda Aleksandr Usik bilan jang bo'yicha muzokaralar barbod bo'lganidan keyin paydo bo'ldi. Ukrainalik bokschi amerikalikka qarshi o'z faoliyatidagi so'nggi jangini kelgusi yilning mart oyiga rejalashtirilgani taxmin qilingan edi, biroq muzokaralar berk ko'chaga kirib qoldi.
Deontey Uaylder so'nggi jangini joriy yilning aprel oyida Londondagi tadbirda o'tkazib, hakamlarning bo'lingan qarori bilan britaniyalik Derek CHisorani mag'lub etgandi.
Riko Verxoven professional boksda atigi ikkita jang o'tkazganiga qaramay, uning so'nggi chiqishi ushbu to'qnashuvda g'alaba qozonishiga umid qilishi mumkinligini ko'rsatmoqda. Joriy yilning may oyida Misrdagi Giza piramidalari yaqinida sayyoramizning eng kuchli kikbokschisini o'n birinchi raundda bahsli ravishda to'xtatib qolgan Aleksandr Usik niderlandiyalik bilan to'qnashuvda mag'lubiyatdan zo'rg'a qutulib qolgandi. SHundan so'ng u o'ziga tegishli bo'lgan IBF, WBA va WBC chempionlik kamarlaridan voz kechishga qaror qilgandi.
