SportUz.Tv
iks
ads

Volkanovski Movsar Evloev ustidan muddatidan oldin g'alaba qozonishni vada qilmoqda

19.10.2026 12:42    


Rasmni yuklab olish

24 oktyabr kuni BAA poytaxti Abu-Dabi shahri mezbonlik qiladigan va Ramazon Temirov oktagonga chiqadigan UFC 333 turnirining asosiy jangi yarim engil vazn toifasi chempionlik kamari uchun kechadi.

Unda amaldagi UFC chempioni Aleksandr Volkanovski rossiyalik davogar Movsar Evloevdan himoya qiladi. Avstraliyalik aralash yakkakurash ustasi ushbu jangda to'liq masofani bosib o'tib, hakamlar qarori bilan g'alaba qozonish rejasi boshidan beri muvaffaqiyatsizlikka mahkum ekaniga ishonadi.

"Men uning o'zidagi bor imkoniyatni ko'rsatishini xohlayman. U qanday yo'l bilan g'alaba qozonmoqchi bo'lsa, oktagonga chiqsin va shuni amalga oshirishga urinib ko'rsin. Va men buni unga nisbatan hech qanday hurmatsizliksiz aytyapman. SHunchaki, menimcha, uni bunchalik kuchli qiladigan, boshqa barcha raqiblar bilan muvaffaqiyatli kurashishiga yordam beradigan sifatlar meni engishiga yordam bermaydi.

Men uning meni 25 daqiqa davomida kurashda ushlab tura olishini tasavvur qila olmayman. Menimcha, bu yigitlarning har biri uchun yagona imkoniyat — va gap faqat u haqida emas — meni zarba bilan tutib olish. Men aynan shuni nazarda tutganman. Men barcha raqiblarim haqida shunday deyman. Ammo agar u meni hakamlar qarori bilan engishi yoki kurashda ustun kelishi mumkin deb o'ylasa, albatta, u buni sinab ko'radi.

Men o'z mahoratimga mutlaqo ishonaman. O'ylaymanki, qo'lim ko'tariladi, hatto men juda tasirli usulda g'alaba qozonishim ham mumkin. Men jangni muddatidan oldin yakunlay olishimga ishonaman. Buni besh raund ichida amalga oshira olaman, deb o'ylayman. U esa, ehtimol, hakamlar qarori bilan g'alaba qozonmoqchi ekanini aytyapti, men esa uni beshinchi raund tugashidan oldin albatta yakunlayman, deyman.

U ajoyib mahoratga ega zo'r raqib, lekin men chin dildan bu faoliyatimdagi eng yaxshi chiqishlardan biri bo'lishiga ishonaman. Bu jangdan keyin ko'pchilik: “Bu biz ko'rgan eng yaxshi Volkanovskimi?”, — deb gapiradi. Men bunga chin dildan ishonaman, ayniqsa ko'rsatmoqchi bo'lgan jangimni hisobga olsak", — dedi avstraliyalik MMA Junkie nashriga bergan intervyusida.

Volkanovski alohida takidlab o'tdiki, u rossiyalik davogarning zarba texnikasini mensimaslik niyatida emas, biroq aynan shu komponentda o'z ustunligini ko'radi.

"Ko'pchilik u go'yoki tik turib umuman jang qila olmaydigandek gapiradi. Albatta, u amalga oshira oladi. Balki uning zarba texnikasi siz ko'rgan eng chiroylisi emasdir, lekin u hisob-kitob bilan harakat qiladi. U baribir juda puxta o'ylangan va noqulay raqib. U tik holatda ham xavf tug'diradi.

"Aksariyat odamlar men shunchaki chiqib, qo'l siltab, xohlagan ishimni qila olaman deb o'ylaydi. Yo'q. Men hech kim bilan bunday jang qilmayman. Lekin men o'zimni kuchliroq zarba beruvchi deb bilaman. Buni qayta-qayta isbotlaganman. U jangni qaerga o'tkazmoqchi ekanligini bilaman va bunga yo'l qo'ymayman. U men bilan "stoyka"da (tik turgan holda) jang qilishga majbur bo'ladi, o'shanda uning zarba berish texnikasi qanchalik yaxshi ekanligini ko'ramiz", – deya qo'shimcha qildi UFC chempioni.

UFC`ning amaldagi eng yoshi katta chempioni sifatida Aleksandr Volkanovski har bir jang oldidan muqarrar ravishda professional faoliyatini yakunlash haqidagi savolga duch keladi.

"Mening faoliyatimni yakunlash rejalarim yo'q, lekin biz o'zimizni aldab, oldinda yana o'nta jangim bor deb ko'rsatmoqchi emasmiz. Unday emas. Men o'zim ham yana o'nta jang o'tkazishni xohlamayman. Balki yana bir nechtadir. Ehtimol, bir-ikki jang, ko'ramiz", – deya so'zlarini yakunladi Volkanovski.



Futbol yangiliklari || Futbol habarlari || Футбол янгиликлари || Футбол хабарлари
Do`stlarga yuboring: