
"Otam bir kuni menga: "Bokschi bo'lmoqchimisan? Agar shunday bo'lsa, bu yomon fikr. Hovliga chiq, boqqa boramiz, sparring qilamiz", dedi. Biz boks tusha boshladik. Men uning qovurg'asiga zarba berdim va uchta qovurg'asini sindirib qo'ydim. O'shanda 14 yoshda edim", — deb eslaydi Fyuri ALF Global nashriga bergan intervyusida.
Britaniyalik 38 yoshli bokschi ukrainalik Vladimir Klichko ustidan qozonilgan g'alabadan keyin boshdan kechirgan depressiyasi haqida ham gapirib o'tdi.
"Yosh bola paytim Klichko allaqachon chempion edi va men doim: "Bir kun kelib bu yigitni mag'lub etaman", derdim. Hamma ustimdan kulardi. Vladimir 11 yil davomida chempion bo'lgan! CHempionlik jangi uchun imkoniyat olishga uch yil ketdi, chunki meni doim chetga surishardi.
Nihoyat, chempionlik jangini olganimda, bu xuddi Everest cho'qqisidek edi. Men aytganimdek g'alaba qozondim. Va hammasi tugadi. Bolaligimdan beri orzu qilgan barcha narsamga erishdim. O'yladimki, bu aqlbovar qilmas darajada zo'r bo'ladi, lekin bir daqiqa o'tar-o'tmas hammasi barbod bo'ldi.
Ringdan chiqib, kiyinish xonasiga kirganimdayoq depressiyaga tushib qolgandim, chunki hayotimda boshqa hech narsa qolmagandi. Yashashim uchun asosiy sababim — Klichkoni mag'lub etish — bir zumda yo'qoldi. Keyin esa hammasi pastga qarab ketdi: to'liq depressiya, doimiy tushkunlik. Og'ir vaznda jahon chempioni sifatida menda hamma narsa bor edi, lekin baribir depressiyada edim. Har kuni o'lishni xohlardim", — deb tan oldi bokschi.
Eslatib o'tamiz, Tayson Fyuri 2026 yilda katta ringga yana bir bor qaytdi. U o'tgan davr mobaynida rossiyalik Arslanbek Maxmudov va polshalik Mariush Vaxni mag'lub etdi. Taysonning 20 noyabr kuni Nyu-Yorkda Entoni Joshua bilan to'qnash kelishi kutilmoqda. U ushbu jangga tayyorgarlikni boshlash uchun allaqachon AQSHga uchib ketgan.

Tayson Fyuri: "Ilk sparringimdayoq otamning uchta qovurg'asini sindirib qo'yganman"