
"Men bolaligimda Klichko allaqachon chempion edi va doimo: “Bir kuni bu yigitni mag'lub etaman”, derdim. Hamma ustimdan kulardi. U 11 yil davomida chempion bo'lgan. CHempionlik jangiga erishishim uchun uch yil kerak bo'ldi, chunki meni doimo chetga surishardi.
Nihoyat chempionlik jangiga erishganimda, bu xuddi Everestga chiqishdek edi. Keyin aytganimdek, g'alaba qozondim. Va shundan keyin hammasi tugadi. Bolaligimdan istagan barcha narsamga erishdim. Bu ajoyib his bo'ladi deb o'ylagandim, ammo oradan bir daqiqa o'tar-o'tmas, hammasi ag'dar-to'ntar bo'ldi.
Ringdan chiqib, kiyinish xonasiga kirganimdan keyinyoq depressiyaga tushdim, chunki hayotimda endi hech narsa qolmagandek edi. Yashashimning asosiy sababi — Klichkoni mag'lub etish — bir zumda yo'qoldi. SHundan keyin hammasi pastga qarab ketdi: kuchli depressiya va doimiy tushkunlik. Og'ir vazn toifasida jahon chempioni sifatida hamma narsaga ega edim, ammo baribir depressiyada edim. Har kuni o'lishni xohlardim.
Hech kim menga yordam bera olmadi. Keyin bir kuni shunday ish qildim: tiz cho'kib, Xudoga ibodat qildim. Yotoqxonam polida yotib, yig'lardim. O'sha paytda vaznim 400 funt (181 kg) edi, boksdan deyarli uch yil uzoqlashib qolgandim. Xudoga: “Men endi o'zim eplay olmayapman. Menga yordam berishing kerak. Meni boksga qaytar”, dedim.
Menga o'sha polda bir umr yotgandek tuyuldi, aslida esa taxminan 10 daqiqa o'tgan ekan. Ammo o'rnimdan turganimda, go'yo dunyodagi barcha og'irlik elkamdan tushgandek his qildim. Xotinim Perisga: “Ertaga formamni tiklash missiyasini boshlaymiz”, deb baqirdim", — dedi Fyuri.
Eslatib o'tamiz, 2015 yil noyabr oyida Fyuri Klichkoni hakamlarning yakdil qarori bilan mag'lub etgan. SHundan so'ng u qariyb uch yil davomida janglarda ishtirok etmagan.
Tayson Fyuri: "Ilk sparringimdayoq otamning uchta qovurg'asini sindirib qo'yganman"